Iroq harbiylari Mosulni ozod qilish bo‘yicha yer usti operatsiyasini boshladi

Iroq HK bosh qo‘mondoni, bosh vazir Haydar al-Abadiy mamlakatda yirikligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi shaharni «Islom davlati» terroristik guruhi jangarilari qo‘lidan ozod qilish bo‘yicha keng miqyosli yer usti operatsiyasi boshlanganini ma’lum qildi. Bosh vazirning qayd etishicha, 6000 ekstremist nazorati ostidagi 1,3 millionga yaqin kishi istiqomat qilayotgan Mosul shahri ID jangarilaridan Iroq armiyasi va mahalliy politsiya otryadlari yordamida ozod qilinadi.

«Mahalliy aholini ozod qiluvchi kuchlar bilan hamkorlik qilishga chaqiramiz», — dedi Haydar al-Abadiy. Sky News Arabia telekanali axborot manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, 60 minglik armiyaga AQSH boshchiligidagi xalqaro antiterror koalitsiyasi, hukumat aviatsiyasi hamda artilleriya ko‘mak beradi. Bir necha kundan buyon ommaviy tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Pentagon AQSHning ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi. [TASS]

Yaponiya janubiy Kuril orollarini Rossiya bilan birgalikda boshqarish rejasini rad etdi

Yaponiya TIV dushanba kuni Tokio Moskva bilan bahsli orollarni birgalikda boshqarish masalasini muhokama etmaganini ma’lum qildi. «Biz Yaponiya va Rossiya shimoliy hududlarni birgalikda boshqarishni muhokama qilmoqda, degan Nikkei bayonotini inkor etamiz, — deya so‘zga chiqdi Yaponiya TIV matbuot kotibi Yasuxisa Kavamura. — To‘rtta orolning kimga tegishli ekanligi va tinchlik shartnomasini tuzish masalasi bo‘yicha Yaponiya pozitsiyasi o‘zgarishsiz qoladi». [Reuters]

Tupak Shakurni o‘qdan asrab qolgan medalon 125 ming dollarga sotiladi

Taniqli rep qo‘shiqchisi Tupak Shakur (1971−1996)ga tegishl oltin medalon AQSHda kim oshdi savdosiga qo‘yild. Mazkur yuvelirning boshlang‘ich bahosi 125 ming dollar deb belgilandi. Sakkiz gramlik qimmatbaho taqinchoq brilliantlar bilan bezatilgan. Ayni paytda medalonga egalik qilayotgan Moments in Time do‘koni xo‘jayini Geri Zimetning ta’kidlashicha, uning ostki qismida iz qoldirgan o‘q reperga yo‘naltirilgan bo‘lgan. Hodisa Nyu-Yorkda, qo‘shiqcha vafotidan ikki yil muqaddam sodir bo‘lgan. Bir necha jinoyatchi ovoz yozish studiyasi binosida unga tashlanib, 40 ming dollarlik qimmatbaho buyumlarini olib, so‘ngra unga qarata bir necha marotaba o‘q uzgan. Beshta o‘q mo‘ljalga tekkan bo‘lsa, ko‘krakka qaratib otilgan bittasini medalon qaytarib qolgan. Hodisadan ikki yil o‘tib 2Pac, Makaveli va Pac taxalluslari ostida ijod qiluvchi Tupak Shakurni Las-Vegas (Nevada shtati) yaqinidagi shaharchada joylashgan mehmonxona oldida otib ketishdi. Jinoyatchilar topilgani yo‘q. Tupak Shakur Rolling Stones jurnali talqiniga ko‘ra «barcha zamonlarning eng yaxshi 100 ijrochisi» ro‘yxatidan joy olgan. [TMZ].

AQSH va Buyuk Britaniya Suriyaga qarshi yanada qattiqroq sanksiyalarni joriy etmoqchi

AQSH Davlat kotibi Jon Kerri Londonda bo‘lib o‘tgan Suriyadagi vaziyat bo‘yicha ko‘p tomonlama uchrashuvdan so‘ng G‘arb Suriya hukumati va uning ittifoqchilariga qarshi yangi iqtisodiy choralar qo‘llanilishi masalasini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. «Biz qo‘shimcha sanksiyalarni ko‘rib chiqayapmiz», — dedi Kerri Suriyadagi harbiy operatsiyalarga oid savodllarga javob berar ekan. Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson esa Rossiyaga qarshi sanksion bosimni kuchaytirish tashabbusi bilan chiqdi. Uchrashuvda Kerri va Jonsondan tashqari Fransiya, Saudiya Arabistoni, Iordaniya TIV rahbarlari hamda Germaniya, Italiya, BAA, Turkiya va Yevrokengash diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi. [The Guardian]