Boks bo‘yicha super og‘ir vaznda jahonning sobiq ikki karra chempioni 37 yoshli o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev salomatligidagi muammo sababli karerasini yakunlashini va ringga boshqa qaytmasligini rasman ma’lum qildi, deya xabar tarqatdi BoxingScene.com nashri. 2001 yilda bokschi chap ko‘zini operatsiya qildirgan edi.

«Ruslan ko‘rishdagi muammo sababli karerasini rasman yakunladi, — dedi Ruslan Chagayevning sobiq menejeri Timur Dugazayev. — Biz Chagayevga Braun bilan revansh jangini o‘tkazib, chiroyli yakunlovchi bellashuvni taklif qildik va buni tashkillashtira olar edik. Ammo u chiqishlarni yakunlashga qaror qildi, salomatlik muhimroq».

Professional ringda Andijon vakili jami 38 jang o‘tkazib, ularning 34 tasida g‘alaba qozondi (21 — nokaut bilan), uch bora mag‘lubiyatga uchrab, bir jangda durang qayd etgan.