O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Antoniu Guterrishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi etib saylanganligi munosabati bilan tabrikladi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Davlat rahbari o‘z maktubida O‘zbekiston BMTni butun jahon tinchligi va barqarorligini saqlash, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning ko‘plab murakkab muammolarini hal etish, izchil rivojlanishni ta’minlash va ekologiyani himoya qilishdagi universal xalqaro tuzilma deb hisoblashini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev BMTga a’zo davlatlarda barqaror va keng ko‘lamli rivojlanish bo‘yicha tashkilotga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda Antoniu Guterrishni qat’iy qo‘llab quvvatlashini bildirdi hamda o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.