2016-yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 7,8 foizni tashkil etdi, deya xabar qilindi 13-oktyabr kuni Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida.

O‘zA xabariga ko‘ra, yanvar-sentyabr oylarida sanoat o‘sishi 7,2 foizni, qurilish ishlari hajmi o‘sishi 15 foizni, chakana savdo aylanmasi o‘sishi 14,2 foizni, xizmatlar ko‘rsatish hajmi o‘sishi 12,4 foizni tashkil etdi.

Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.

O‘tgan 9 oyda o‘rtacha oylik ish haqi 12,6 foizga oshgan, joriy yil 1-oktyabrdan esa byudjet sohasi xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar yana 15 foizga oshirildi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi uchun barcha manbalar hisobidan 6,8 trillion so‘mdan ortiq va 150 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirildi.

O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi — 9,4 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar — 11,2 foizga o‘sdi.

Yil boshidan buyon 2016-yilgi Investitsiya dasturi doirasida 100 ta yirik ishlab chiqarish ob’ekti ishga tushirildi. Yil oxirigacha 64 ta yirik ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.