Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz"da 12-oktyabr kuni XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi boshlandi, deya xabar qildi “Turkiston-press” NAA. Joriy yildan boshlab yarmarkani o‘tkazish vazifasi o‘tgan yili tashkil etilgan “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi zimmasiga yuklatildi.

Yarmarka ochilishida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Rozuqulovning qayd etishicha, bugungi kunda mamlakatda har yili 3 million tonnadan ziyod paxta xom ashyosi tayyorlanmoqda. Respublika paxta tolasi yetirish hajmi bo‘yicha jahonda oltinchi, uni eksport qilish bo‘yicha esa beshinchi o‘rinni egallab turibdi.

“2015-yil oktyabrda „O‘zpaxtasanoateksport“ xolding kompaniyasi tomonidan paxta xom ashyosini qabul qilish va qayta ishlash, paxta tolasini eksport qilish bo‘yicha yagona majmuaning tashkil etilishi paxtachilik sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi, — qayd etdi u. — Uning tarkibiga paxta tozalash, yog‘-moy sanoati, paxta terminallari, sohaning ilmiy-tadqiqot bo‘linmalari kiritildi. Xolding kompaniyasi tarkibiga birlashtirilgan paxta majmuasining barcha korxonalariga soha samaradorligini tubdan oshirish, paxta xom ashyosi va chigitni texnik va texnologik qayta ishlashni takomillashtirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi. Ushbu ishlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobidan ham amalga oshiriladi”.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, hukumat mazkur sanoatni mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish asosida yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratgan. Barqaror xom ashyo bazasi, paxta tolasining yuqori sifati, energeresurslarning past narxi, eng muhimi, hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va qulay sharoitlarning yaratilgani sohaning xorijiy investorlar uchun jozibadorligini ta’minlaydi.

“To‘qimachilik korxonalarining ishlab chiqarish quvvati 1995-yilgi 152 ming tonnadan 2015-yilda 600 ming tonnaga yetdi. Mustaqillik yillarida yengil sanoat mahsulotlari eksporti 7 mln dollardan 1,1 mlrd dollarga oshdi. O‘ylaymizki, soha imkoniyatlari bundan-da keng. Mazkur sohada Germaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, AQSH, Hindiston, Buyuk Britaniya, Avstriya va boshqa mamlakatlar investorlari ishtirokida tashkil etilgan korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda”, — davom etdi hukumat rahbari o‘rinbosari.

Ulug‘bek Rozuqulovning qayd etishicha, bugungi kunda yengil sanoatning ulushi sanoat ishlab chiqarishida 26 foiz, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda esa — 44 foizdan ko‘proqni tashkil etmoqda. Bunda mamlakat paxta tolasini eksport qiluvchi mamlakatlar beshtaligidagi o‘rnini yo‘qotgani yo‘q.

Tadbir ochilishida bir qator mamlakatlar vakillari xalqaro Cotton Outlook axborot agentligi bosh muharriri Rey Batlerning “Paxta tolasi jahon bozori”, paxta bo‘yicha Xalqaro konsultativ qo‘mitasi boshqaruvchi direktori Andrey Gitchunsning “Paxta va sun’iy tolaga xalqaro talab” mavzularidagi taqdimotlarini tinglashdi. O‘zbekiston paxta sanoatiga bag‘ishlangan hisobot esa “O‘zpaxtasanoateksport” boshqaruvchi raisi Akmal Kamolov tomonidan o‘qib eshittirildi.

Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkazi nufuzi yildan-yilga oshib bormoqda. 2005 yilda unda 30 mamlakatdan 170 ga yaqin sanoat va savdo kompaniyalari vakillari ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda 40 dan ziyod mamlakatdan 1000 dan ziyod vakillar tadbirlarda qatnashmoqda.

Yarmarka doirasida an’anaviy konferensiya tashkil etilmoqda. Joriy yilda u uch yo‘nalishda bo‘lib o‘tadi: “Paxta sanoatini rivojlantirish va o‘zbek paxta tolasining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish — eksport imkoniyatlarini oshirishning muhim sharti” va “Paxtachilik va to‘qimachilik sohalarida ilmiy va texnologik yangiliklar”.

“O‘zekspomarkaz” ko‘rgazma pavilonlarida xorijiy savdo va sanoat kompaniyalari vakillari, mutaxassislar va xalqaro ekspertlar paxta tolasi namunalari bilan tanishish, servis-markazlar xizmatlaridan foydalanish, muzokaralar o‘tkazish hamda o‘zbek paxta tolasi va undan tayyorlangan mahsulotlarni xarid qilish bo‘yicha shartnomalarni bevosita imzolashlari mumkin.