Futbol bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning yangilangan reytingida hozirda egallab turgan 49-pog‘onadan uch punktga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Jahon chempionati-2018 Osiyo saralash bosqichi uchinchi raundi doirasida Samvel Babayan jamoasi Suriya, Qatar va Xitoy ustidan g‘alaba qozonib, faqatgina Erondan mag‘lubiyatga uchradi.

Football Rankings ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston 617 ochko bilan taxminan 46-o‘rinni egallaydi va milliy terma jamoa tarixidagi eng yaxshidan keyingi natijani qayd etadi. 2006-yil noyabrida eng yuqori natija — 45-o‘rin egallangan edi. Mazkur natija bilan Osiyo futbol konfederatsiyasi a’zolari orasida Avstraliya (37-o‘rin), Eron (39-o‘rin) va Janubiy Koreyadan (44-o‘rin) keyingi to‘rtinchi pog‘onani band etadi.

Hisob-kitoblar Elo Ratings reyting tizimi orqali amalga oshirilib, unda g‘alabalar marjasi, uchrashuv muhimligi, uy maydonida o‘ynalgani va boshqa turli xil o‘zgaruvchan masalalar inobatga olinadi. Biroq bu milliy terma jamoalar reytingini aniqlashning norasmiy tizimi bo‘lib, ayrim o‘zgarishlar qayd etilishi ehtimoldan yiroq emas.

20-oktyabrda FIFA tomonidan yangilanadigan rasmiy reytingda O‘zbekiston Rossiyadan o‘zib ketishi aniq. JCH-2018 mezboni 52-o‘rinni egallab, o‘z tarixidagi eng yomon natijani qayd etadi.