13 oktyabr kuni Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga ko‘ra ovoz berishlarsiz BMTning qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari portugaliyalik Antoniu Guterrishni 2017-yil 1-yanvardan 2021-yil 31-dekabrgacha muddatga BMT bosh kotibi etib tayinladi. Bu haqda BMT Yangiliklar markazi xabar qildi.

Mazkur masalaga bag‘ishlangan yalpi yig‘ilishda Xavfsizlik kengashi raisi, Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili Xavfsizlik kengashi tavsiyasini o‘qib eshittirdi.

Uning ortidan Bosh Assambleyaning 71-sessiyasi raisi mintaqaviy guruhlar koordinatorlari nomidan yangi bosh kotibni tayinlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyani o‘qib eshittirdi. Uni ovoz berishgacha ko‘tarib chiqish istagida bo‘lganlar topilmadi va Antoniu Guterrish akklamatsiya yo‘li bilan BMTning yangi bosh kotibi etib tayinlandi.

Amaldagi bosh kotib Pan Gi Mun, mezbon mamlakat sifatida AQSH vakili hamda besh mintaqaviy guruh raislari so‘zga chiqdi.

Antoniu Guterrish 2005-yil iyundan 2015-yil dekabrigacha qochoqlar ishlari bo‘yicha BMT Oliy komissari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Antoniu Guterrish 1949-yil 30-aprelda Lissabonda tavallud topgan.Oliy texnika institutida muhandislik ishini o‘rgangan hamda OTMda o‘qituvchilik bilan shug‘ullangan. 1995 yil Portugaliya bosh vaziri lavozimini egallagan.

Eslatib o‘tamiz, Pan Gi Mun ganalik Kofi Annandan so‘ng mazkur mansabni egallagan. Undan avval esa Butros Butros-G‘oliy (1992−1996), Xaver Peres de Kuelyar (1982−1991), Kurt Valdxaym (1972−1981), U Tan (1961−1971), Dag Xammarsheld (1953−1961) va Tryugve Li (1946−1952) BMT bosh kotibi bo‘lgan.