O‘zbekiston Prezidenti v. b., bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 11-oktyabr kuni Surxondaryoga tashrifi chog‘ida Afg‘oniston bilan har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash zarurligi to‘g‘risida ma’lum qildi. Bosh vazir chiqishi “O‘zbekiston” telekanalining “Axborot” dasturida namoyish etildi.

“Qo‘shni Afg‘oniston prezidenti [Ashraf G‘ani]ning eng og‘ir kunlarimizda kelib-ketgani bizga, elimizga, prezidentimizga bo‘lgan hurmat belgisidir. Yaqinda tashqi ishlar vaziri [Abdulaziz Kamilov] Bryusselda u bilan ko‘rishib, hamkorlik masalasini muhokama qildi. O‘ylaymizki, yaqinda TIV vakillari Afg‘onistonga borib, hamkorligimizni rivojlantirish bo‘yicha katta bitimlani imzolaydi. Bundan keyin ham mehnatkash afg‘on xalqi bilan hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash, tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun qo‘limizdan kelguncha harakat qilishimiz kerak”, — ta’kidladi O‘zbekiston Prezidenti v. b.

Shavkat Mirziyoyev “Termiz kargo markazi” yirik bojxona terminalini borib ko‘rdi. Afg‘oniston bilan ham hamkorlikni rivojlantirish uchun barpo etilgan xalqaro logistika markazi 300 yirik yuk mashinalariga mo‘ljallangan avtoturargoh, AYOQS, konteyner va boshqa yuklarni saqlash uchun omborxonalarni o‘z ichiga oladi. Markazga temir yo‘l o‘tkazilgan bo‘lib, shinam mehmonxona ham faoliyat yuritmoqda.

Bosh vazir logistika markazi Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini kengaytirish hamda nafaqat Surxondaryo, balki butun O‘zbekistonning eksport salohiyatini rivojlantirishiga umid bildirdi.

“Hozir dunyoning eng katta muammosi, bu — bozor topish. Har bir davlat o‘z mahsulotini sotish bo‘yicha katta harakat qiladi”, — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, zamonaviy sharoitlarga ega shu kabi markazlar barcha viloyatlarda tashkil etiladi.

Shavkat Mirziyoyev hududga tashrifi chog‘ida O‘zbekistonning janubiy sarhadlaridagi chegara postlaridan birini ko‘zdan kechirdi va davlat chegaralarini mustahkamlash chora-tadbirlarini muhokama qildi.