O‘zbekiston bosh vazirining sentyabr oxirida ochilgan virtual qabulxonasiga fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni 20 mingdan oshdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Yuzlab muammolar o‘z yechimini topdi, ularning ko‘p qismi esa sanoqli kunlarda hal etiladi. Banklarda naqd pulning yo‘qligi odatiy hol bo‘lsa, qishloqlarda — elektr energiyasi va gaz, avtosalonlarda -avtomobillar. Murojaat qiluvchilarga adolat va ular huquqlarining tiklanishiga ishonchni qaytarayotgan virtual qabulxona faoliyati joylarda aksariyat muammolarni hal qilish uchun faqatgina amaldorlar xohishi lozimligini ko‘rsatmoqda.

Shu yil mart oyida urganchlik Zulfiya Bekberganovaning 25 yoshli o‘g‘li Xurram Qurbonovning bosh miyasida qon quyilish holati aniqlangan. Shifokorlar uni xorijda davolatishni tavsiya qilgan. Muolaja uchun 8 ming dollar zarur edi. Zulfiya Bekberganova o‘tgan vaqt mobaynida milliy valyutani xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish bo‘yicha Xorazm viloyatidagi qator banklarga murojaat qilgan. Biroq ishi hal bo‘lmagan. Zulfiya opa so‘nggi umid sifatida shu yil 26-sentyabrda Bosh vazirning virtual qabulxonasiga ariza jo‘natgan.

“O‘g‘limni xorijda davolatish uchun xalqaro to‘lov kartasiga yetarlicha xorij valyutasini olganimda, quvonchdan yig‘lab yubordim”, — Bekberganova so‘zlarini bo‘lishdi O‘zA.

Xorazm viloyati Xiva tumanida istiqomat qiluvchi Rohat Abdullayeva uyi buzilgach, 2014-yili yangi kottejga ko‘chib o‘tadi. Buzilgan uy shartnomada 139 million so‘mga baholanadi. Biroq bu mablag‘dan 38 million so‘mini hokimlik to‘lab bermaydi.

“Shu yil 26-sentyabr kuni Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaat qildim, 28-sentyabrda buzilgan uyimdan qolgan 38 million so‘mni bankdagi omonat daftarchamga o‘tkazib berishdi. Mahallamizdagi yangi kottejlarga ko‘chib o‘tgan 47 qo‘shnimda ham shu muammo bor edi. Viloyat va tuman hokimligi vakillari ularga ham qarzdorlikni to‘lab bermoqda. Mahallamizda bayram bo‘lib ketdi”, — deydi u.

Xorazm viloyati Gurlan tumani Saxtiyon qishlog‘ida yashovchi Jo‘rabek Bobojonov esa fikrlarini quyidagicha ifoda etdi: “Mahallamizda elektr energiyasini kuniga o‘rtacha 12 soat o‘chirishar edi, bu muammoga yechim izlab, bir necha marta tuman hokimligi va elektr tarmoqlari tashkilotiga murojaat qildik, biroq foydasi bo‘lmadi. Shu yil 25-sentyabrda Bosh vazirning virtual qabulxonasiga elektron murojaat yubordik, 29-sentyabrda mutasaddilar qishlog‘imizga kelib, vaziyatni o‘rgandi va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi”.

Sirdaryo viloyati Xovos tumani Gulbahor shaharchasida yashovchi Muslimbek Xoliqberdiyev bu yil Guliston davlat universitetining ijtimoiy-iqtisodiy fakultetiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirdi. Biroq ota-onasi shartnoma pulini to‘lash imkonini topa olmadi. Shu bois uning onasi Shoira Abdug‘afforova joriy yil 7-sentyabrda “Agrobank"ning Xovos tumani filialiga ta’lim krediti so‘rab, murojaat qiladi. Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, tijorat banklari qarz oluvchining hujjatlarini 10 ish kunida ko‘rib chiqib, yozma xulosa berishi shart. Biroq Shoira Abdug‘afforova yigirma kunda ham aniq javob ololmay, sarson-sargardon bo‘ladi. Vaziyat shu darajaga yetadiki, 30ғsentyabrgacha shartnoma puli to‘lanmasa, Muslimbek talabalikdan mahrum bo‘lishi aniq edi. “Shartnoma pulini to‘lash muddatiga uch kun qolgan, nima qilishni bilmasdik, bank xodimlarini sudga beraylik, desak, sud bu ishni ko‘rib chiqishiga bir oy kerak — juda boshimiz qotgandi, — deydi Shoira Abdug‘afforova O‘zAga. — 27-sentyabr kuni Bosh vazirning virtual qabulxonasi haqida eshitdimu, darhol murojaat qildim. Qarang, ertasi kuni “Agrobank” o‘g‘limga ta’lim krediti ajratdi”.

Sirdaryo tumanida istiqomat qiluvchi Mirsaid Nizomov Bosh vazirning virtual qabulxonasiga o‘zi yashayotgan hududda 5−6 yildan buyon tabiiy gazda muntazam uzilishlar bo‘layotganini aytib, ushbu masalani hal etishda yordam so‘rab murojaat qilgan. Sirdaryo viloyati hokimligidan ma’lum qilishlaricha, murojaatni o‘rganish jarayonida gaz quvurlari chindan ham ta’mirga muhtoj ekanligi aniqlangan. Tez kunlarda quvurlar ta’mirlanib, tabiiy gaz ta’minoti to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

Shu yil 26-sentyabrda Xorazm viloyati Yangiariq tumani Chiqirchi qishlog‘idan Hurmat Matyoqubov virtual qabulxonaga murojaat qilib, mazkur hududda toza ichimlik suvi yo‘qligi, quduqlar suvi sho‘r bo‘lgani uchun aholi 3 kilometr nariga borib, ichish uchun suv keltirayotganini aytadi. 2009-yili bu muammoni bartaraf etish uchun ish boshlangan, biroq chala qolgandi.

“Darhaqiqat, agar fuqaroning muammosi quyi bo‘g‘inda hal bo‘lsa, u yuqori tashkilotlarga murojaat qilmaydi”, — qayd etadi O‘zA. “Bosh vazirning virtual qabulxonasidan o‘rnak olib, mahalliy davlat hokimiyati rahbarlari fuqarolar murojaatlarini shaxsan o‘z nazoratiga olishi, ularning muammolarini hal qilishda samarali tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti allaqachon yetib kelgan”.