O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 11 oktyabr kuni Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga safarini Hakim at-Termiziy majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti ushbu vohaga tashrifini odatda mazkur muqaddas qadamjoni ziyorat qilishdan boshlar edi. Islom Karimov tashabbusi bilan buyuk alloma abadiy qo‘nim topgan ushbu maskanda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, ziyoratchilar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev bojxona terminali ham bo‘lgan “Termez Cargo Sentre” xalqaro logistika markazi va bu yerda tashkil etilgan avtokemping faoliyati bilan tanishdi.

Katta miqdordagi yuklarga ishlov berish va ularni tushirish-ortish ishlari amalga oshiriladigan mazkur korxona hududida bojxona terminali binosi, 300 katta yuk mashinalariga mo‘ljallangan joy, avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyasi, konteyner va boshqa yuklarni saqlash omborlari joylashgan, bu yerga temir yo‘l liniyasi olib kirilgan.

Shavkat Mirziyoyev mamlakat janubiy sarhadlaridagi chegara postlaridan birida bo‘lib, O‘zbekiston sarhadlarini yanada mustahkamlash, harbiy xizmatchilar uchun sharoitlarni bundanda yaxshilash zarurligini qayd etdi.

Mutaxassislar Termiz shahri mavzelaridan birida kam ta’minlangan va yosh oilalar uchun yaqin yillarda qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘p qavatli zamonaviy uylar loyihalari bilan tanishtirdi. Qishloq joylarda kam ta’minlangan oilalar uchun mo‘ljallangan yakka tartibdagi zamonaviy, ixcham uy-joylar loyihalari ham ko‘rib chiqildi. Bu ob’ektlarning barchasi sifatli va o‘z vaqtida qurilib, foydalanishga topshirilishi lozimligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev qurilishi davom etayotgan “Amudaryo sohili” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi ob’ektlarini ham ko‘zdan kechirdi. 21 gektar maydonni egallagan ushbu hududda 50 dan ziyod ob’ekt quriladi. Jumladan, 200 o‘ringa mo‘ljallangan va yil davomida faoliyat ko‘rsatadigan bolalar sog‘lomlashtirish maskani bunyod etiladi. Majmua tarkibidan ochiq va yopiq suzish havzalari, sport inshootlari, turli to‘garaklar uchun joylar, attraksionlar, sayilgohlar o‘rin oladi.

Termiz tumanida Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan yangi “Gold dried fruits export” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasida ham bo‘ldi. Bu korxonani tashkil etishga 25 million AQSH dollari yo‘naltirilgan. Meva-sabzavotlar saqlash, quritish, muzlatish va qadoqlashga mo‘ljallangan mazkur korxona Xitoy, Belgiya, Turkiya va Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

2017 yilda Surxondaryoda paxta maydonlarini qisqartirish evaziga 10 ming ga sug‘oriladigan yer meva va sabzavot yetishtirish uchun fermerlarga ajratilishi kutilmoqda.