O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Immunologiya instituti Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Respublika immunologiya ilmiy markaziga aylantiriladi. Bu Prezident v. b. Shavkat Mirziyoyev tomonidan 30 sentyabrda imzolangan qarorda (PDF) o‘z aksini topgan.

Qayta tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad — immunologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ularning o‘quv jarayoni bilan aloqasini kuchaytirish, immunologiya sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarga professor-o‘qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar va talabalarni keng jalb etishdan iborat.

Inson organizmining immunologik va irsiy asoslari, immun yetishmovchiligi va imunitetga bog‘liq kasalliklarni tadqiq etish markazning asosiy vazifalaridan. Markaz farmakologiyada yangi yo‘nalishlarni ishlab chiqish, samarali milliy farmakologik texnologiyalar va immunotrop dori vositalarini yaratish, ularni amaliy sog‘liqni saqlash sohasida qo‘llash bo‘yicha ham faoliyat olib boradi.

Immunologiya instituti xodimlari attestatsiya komissiyasi kvalifikatsiyasidan o‘tganidan so‘ng yangi tashkil etilayotgan markazga qabul qilinadi.

Toshkentda Immunologiya instituti 1985 yilda SSSR Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Immunologiya instituti sifatida faolitini boshlagan. 1994 yilda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Fanlar Akademiyasining mustaqil Immunologiya instituti sifatida tan olingan.