8-oktyabr kuni Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan dzyudo bo‘yicha to‘rtinchi Gran-pri yakuniga yetdi. Unda 15 mamlakatdan 135 sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi nomidan esa 56 dzyudochi (28 erkak va 28 ayol) qatnashdi.

O‘zbekiston jamoasi 14 ta vazn toifasida 20 medal — 6 ta oltin, 3 ta kumush va 11 bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi pog‘onani band etdi. Keyingi o‘rinlarni esa Qozog‘iston (3−2−5) va Rossiya (3−2−4) egalladi.

Musobaqa doirasida O‘zbekiston ayollar dzyudosida tarixiy hodisa qayd etildi — Gulnoza Matniyazova xalqaro turnirlardagi birinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa reglamentiga ko‘ra, g‘oliblarga pul mukofotlari quyidagi tartibda taqsimlanadi: birinchi o‘rin — oltin medal va 3000 AQSH dollari (sportchiga — 2400, murabbiyga — 600), ikkinchi o‘rin — kumush medal va 2000 dollar (1600, 400), ikkita uchinchi o‘rin — bronza medali va 1000 dollar (800, 200).

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi to‘rt yil mobaynida har yili Gran-pri musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha 2013-yilda imzolangan shartnoma majburiyatlarini ado etdi.