O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi yig‘ilishi 12-oktyabr kuni chaqiriladi. Bu haqdagi qaror Senat Kengashi tomonidan 10-oktyabr kuni qabul qilindi.

Parlament yuqori palatasi axborot xizmatining xabar qilishicha, bo‘lib o‘tajak majlis kun tartibidan O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risidagi masalasi ham o‘rin olgan. Ushbu masala yuzasidan Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Senatga taqdimnoma kiritdi.

Senatorlar, shuningdek, “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”, “Xalqaro mehnat tashkilotining “Birlashish erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida"gi 87-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar va “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunga tuzatish kiritish hamda boshqa qonunchilik aktlarini ko‘rib chiqadi.