8-oktyabr kuni Las-Vegasda (AQSH) Sin City Showdown boks kechasi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik bokschi Sanjar Rahmonov ham ringga ko‘tarildi.

27 yoshli andijonlik sportchi shu vaqtgacha mag‘lubiyatga uchramagan 23 yoshli amerikalik Jonatan Daynongga qarshi jang olib bordi. Olti raund yakunlariga ko‘ra, hakamlar Rahmonovni g‘olib deb topdi.

Ayni paytda Sanjar Kichik Floyd Meyvezerga tegishli Mayweather Promotions promouterlik kompaniyasi jangchisi hisoblanadi. Rahmonov taniqli amerikalik murabbiy Dyui Kuper qo‘l ostida mashg‘ulot olib bormoqda.

“Sanjar ajoyib jang olib bordi. Uning raqibi havaskor boksda yaxshi bekgraundga ega edi, professionalda ham biror marotaba yutqazgani yo‘q. Sanjar uchun bu yaxshi bellashuv bo‘ldi.

Nima uchun uni “War” (Urush) deymiz? Men unga hujumkor usulidan kelib chiqib xuddi shunday laqab berdim, u muddatidan oldin g‘alaba qozonishga harakat qiladi. Rahmonov ringga chiqasolib — u xoh sparring bo‘lsin, xoh haqiqiy jang — urushga kirishib ketadi. Shu bilan birga, Sanjar ham War bilan ma’nodosh, demak bu uning uchun ideal laqab", — dedi Dyui Kuper “Gazeta.uz"ga.

Havaskor boksda Sanjar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Ziyatdinbek Toygonbayev qo‘l ostida shug‘ullanib, 2009-yilda Osiyo chempioni va 2013-yilda O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.

Video