Toshkentning Yashnobod tumanida 7-oktyabr kuni O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov sharafiga “Islom ota” deb nomlangan masjid ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Muqaddam “Jo‘rabek” nomi bilan atalgan masjid 2015-yil aprel oyi so‘ngidagi yong‘indan zarar ko‘rgan edi. Mamlakat Musulmonlar idorasi saytida xabar qilinishicha, masjidga yangi nom berishda keng jamoatchilik taklif va istaklari inobatga olindi.

Mingdan ortiq mehmon tashrif buyurgan masjidning ochilish marosimi Qur’on tilovati bilan boshlandi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov mamlakat musulmonlarini yangi ochilgan masjid bilan muborakbod etdi.

Masjid huzurida ilk bor kutubxona tashkil etildi. Ushbu kutubxona chop etilayotgan yangi nashrlar bilan birga, qo‘lyozma hamda nodir manbalar bilan ham boyitildi. Shuningdek, masjidda turli ma’naviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan 80 kishilik majlislar zali ham qurildi.