O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari «Xalqaro mehnat tashkilotining «Birlashish erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida"gi 87-sonli Konvensiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini qabul qilish bo‘yicha tashabbus bilan chiqdi.

Konvensiya 1948 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh Konferensiyasining 31-sessiyasida qabul qilingan va 1950 yilda kuchga kirgan. Mazkur hujjat 153 mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Konvensiyada xodimlar va ish beruvchilarning tashkilotlar tuzish, shuningdek, ushbu tashkilotlarga kirish huquqi, xodimlar va ish beruvchi tashkilotlarining o‘z ustavlari va ma’muriy reglamentlarini ishlab chiqishi, davlat organlarining birlashish huquqini cheklovchi yoki uni qonuniy amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi aralashuvidan erkinlik, xodimlar va ish beruvchi tashkilotlarni tarqatib yuborishni yoki ma’muriy tartibda ular faoliyatini to‘xtatib qo‘yishni ta’qiqlash, xodimlar va ish beruvchilarga birlashish huquqini erkin amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda fuqarolarning birlashish erkinligi kafolatlari Konstitutsiya hamda 20 dan ziyod hujjatlarda, shu jumladan, «Kasaba uyushmalari, ular huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunda va Mehnat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan.

Ayni paytda O‘zbekistonda xodimlar manfaatlarini 14 tarmoq, 14 hududiy, 37 mingga yaqin boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarini birlashtirgan va o‘z saflarida 6 mln dan ortiq a’zoga ega bo‘lgan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi ifodalaydi. 2015 yil oktyabr oyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK)ning assotsiatsiyalashgan a’zosi bo‘ldi,

XMT 87-sonli Konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlarga yanada integratsiyalashuvi hamda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari himoyasini xalqaro standartlarga muvofiq ta’minlashni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.