Samarqandda kasb-hunarga o‘qitish markazi ochildi Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Janubiy Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda kasb ta’limi imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan kasb-hunarga o‘qitish markazi ish boshladi.

O‘zAning xabar qilishicha, Janubiy Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti Kim In Shik rahbarligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.

Mehmonlar O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev, mehnat vaziri Aziz Abduhakimov hamrohligida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Kim In Shik Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

O‘zbekiston Mehnat vazirligi va KOICA hamkorligida hayotga tatbiq etilayotgan “O‘zbekistonda kasb ta’limi imkoniyatlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida mamlakatda kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar, ish bilan band bo‘lmagan aholi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlanmoqda. Bu yo‘nalishda 2012- yilda Toshkent shahrida kasb ta’limi markazi ish boshlagan edi. O‘tgan davrda mazkur markazda ikki mingdan ortiq yosh ta’lim oldi va mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlandi.

2015- yilda Samarqand shahrida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash va chilangarlik, elektr va elektronika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan markaz tashkil etish ishlari boshlandi.

O‘tgan bir yil davomida bu yerda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, zamonaviy arxitektura talablariga to‘la javob beradigan loyiha asosida o‘quv-laboratoriya binolari, ustaxonalar, yotoqxona va boshqa yordamchi binolar qurildi.

“Markazda jahon tajribasini inobatga olgan holda davlat ta’lim standartlari asosida mutlaqo yangi o‘quv rejasi va dasturlar ishlab chiqildi, — deydi markaz direktori Ismoil Ergashev. — O‘qituvchilarni ishga qabul qilish ham tanlov bo‘yicha amalga oshirilib, talabgorlar Koreya Respublikasidagi yetakchi universitetlar professorlaridan iborat ekspertlar ishtirokida saralandi. O‘z navbatida tanlov va sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilar Janubiy Koreyadagi Ta’lim va texnologiyalar universitetida malaka oshirib qaytdi”.

Xuddi shunday markazlar Urganch, Shahrisabz va Qo‘qonda ham ochiladi.