4 oktyabr kuni Bryusselda tashqi ishlar vazirlarining «Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» formatidagi 12-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tashqi ishlari vazirlari: O‘zbekistondan- Abdulaziz Kamilov, Qozog‘istondan — Yerlan Idrisov, Qirg‘izistondan — Erlan Abdildayev, Tojikistondan — Sirodjidin Aslov va Turkmanistondan — Rashid Meredov hamda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini va YeIning xalqaro hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha komissari Neven Mimitsa o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi.

YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatlarga taalluqli xalqaro masalalar, jumladan, umumiy tahdidlar va barqarorlikka chaqiriqlar, migratsiya, iqtisodiy o‘sish, yangi ishchi o‘rinlarni tashkil etish va ish bilan ta’minlash uchun imkoniyatlarni kengaytirish, xususiy sektorni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ta’lim singari ko‘plab mavzularni ham ko‘rib chiqdi. Savdo va investitsion salohiyatdan to‘laqonli foydalanishning ahamiyati qayd etildi.

«Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi» formatidagi kelgusi vazirlar uchrashuvi 2017 yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladi.