O‘zbekiston Oliy Majlisi huzurida Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil institutini tashkil etish mo‘ljallanmoqda. Bu haqdagi tavsiya 5 oktyabr kuni Prezident v. b. Shavkat Mirziyoyev imzolagan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonda keltirib o‘tilgan.

Mazkur vakil instituti quyidagi asosiy vakolatlarga ega bo‘ladi:

tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;

tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo‘llab-quvvatlash;

tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro‘yobga chiqarilayotganligini o‘rganish;

qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta’siri samaradorligini baholash;

davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish.

«Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu institut tadbirkorlik sub’ektlarini huquqiy himoya qilishni ta’minlashda, davlat tuzilmalari bilan munosabatlarda ularning manfaatlarini ifodalashda muhim o‘rin tutadi», — deyiladi mazkur farmonga berilgan sharhda.