Toshkentda “Olmazar” metro stansiyasidan Sergeli tumanining “Yo‘ldosh” mavzesiga qadar davom etadigan yer usti metro tarmog‘i qurilishi to‘rt yil davom etadi. Bu haqda chorshanba kuni Sergeli tuman hokimi Furqat Maqsudxo‘jayev matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Poytaxt metropolitenining Chilonzor yo‘nalishi davomi qurilishini loyihalashtirishni tezlashtirish vazifasi O‘zbekiston Prezidenti v. b. Shavkat Mirziyoyevning 25 sentyabrda tumanga tashrifi chog‘ida qo‘yilgan edi.

Foto: Sergeli tuman hokimligi / “Gazeta.uz”.

Furqat Maqsudxo‘jayevning aniqlik kiritishicha, yangi yo‘nalish uzunligi 8 km ni tashkil etib, unda oltita stansiya faoliyat ko‘rsatadi. Tarmoqning 6 kilometri yer ustida joylashadi.

Yo‘nalish Choshtepa, Mirzo Tursunzoda va Qipchoq ko‘chalari bo‘ylab “Yuldosh” mavzesidagi Marli ko‘chasiga qadar davom etadi. Qurilish ishlari joriy yilda loyiha ishlanmasi yakunlanishi bilanoq boshlanadi.

Foto: Sergeli tuman hokimligi / “Gazeta.uz”.

Tuman hokimining qo‘shimcha qilishicha, bir vaqtning o‘zida Qipchoq ko‘chasida Toshkent halqa avtomobil yo‘liga olib chiquvchi temir yo‘l o‘tkazgichi bo‘lgan 12-qatorli 10 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurilishi ham boshlanadi.