12−13- oktyabr kunlari Toshkent shahrida XII Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasi bo‘lib o‘tadi, xabar qildi O‘zA. Unda 45 dan ortiq mamlakatning 2000 ga yaqin vakili kelishi kutilmoqda. Asosiy tadbirlar “O‘zekspomarkaz"da bo‘lib o‘tadi.

Yarmarka doirasidagi konferensiyalar hamda muloqotlarda jahon paxta va to‘qimachilik bozorining yetakchi vakillari tomonidan O‘zbekiston va dunyoda paxta tolasi ishlab chiqarish, savdo va investitsion hamkorlikni kengaytirish kabi ko‘plab masalalar muhokama qilinishi va o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Mazkur xalqaro tadbirni tashkil etishda O‘zbekiston bilan Xalqaro paxta assotsiatsiyasi, Paxta bo‘yicha xalqaro konsultativ qo‘mita, Cotton Outlook xalqaro agentligi va Xalqaro to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi singari xalqaro tashkilotlar doimiy hamkorlik qilib kelmoqda.