Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Muxammetkaliy Abdulgaziyev boshchiligidagi Qirg‘iziston delegatsiyasi 1 oktyabr kuni do‘stlik tashrifi bilan Andijonga keldi.

Delegatsiya tarkibidan davlat organlari, madaniyat arboblari va yoshlar vakillaridan jami 130 kishi o‘rin oldi. Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ular orasida O‘sh, Botkent va Jalolobod viloyatlari, TIV, sanab o‘tilgan uch viloyat mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari vakillari va sportchilar, O‘sh shahri meri Aytmamat Kadirbayev hamda boshqalar joy olgan.

O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining “Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, delegatsiya Xo‘jaobod tumanidagi “Do‘stlik” chegara postida tantanali ravishda qarshi olindi.

Bir kunlik tashrif chog‘ida qirg‘iz delegatsiyasi ko‘plab diqqatga sazovor maskanlar, ta’lim va madaniyat muassasalarida bo‘ldi. Mehmonlar Bobur nomidagi istirohat bog‘i va Bobur muzeyi, Andijon davlat universiteti, “Do‘stlik uyi” va yaqindagina rekonstruksiya qilingan Andijon vokzaliga tashrif buyurdi.

Sadafbek Husanboyev / “Gazeta.uz”.

Sadafbek Husanboyev / “Gazeta.uz”.

Sadafbek Husanboyev / “Gazeta.uz”.

Andijon qilichbozlik markazida delegatsiya a’zolari va o‘zbekistonlik Olimpiada-2016 medalchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Shundan so‘ng Oltinko‘l tumanidagi namunali loyiha asosida barpo etilgan qishloq turar joy massivi va Asakadagi General Motors Uzbekistan avtomobil zavodiga safar uyushtirildi. Tashrif tantanali qabul va konsert bilan yakuniga yetdi.

Uchrashuvlarda O‘zbekistonning Farg‘ona va Namangan viloyatlari vakillari ham ishtirok etdi.