O‘zbekistonda Korea Festival 2016 birlashgan nomi ostida bir qator yirik madaniy tadbirlar o‘tkaziladi, dedi Koreya Respublikasi elchisi Kvon Yon U “Turkiston-press” NAA ga bergan intervyusida.

“Koreya Respublikasi elchixonasi ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish maqsadida har yili madaniy tadbirlarni o‘tkazadi. Bu yili biz Korea Festival 2016 nomi ostidagi xilma-xil madaniy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rishni kuchaytirish taklifini berdik. Festivalimiz ko‘plab hodisalarni o‘z ichiga olib, 12- oktyabr — Koreyaga asos solingan kun munosabati bilan o‘tkaziladigan qabuldan boshlanadi va 13 oktyabrda dizayner Li Yon Hining koreys milliy libosi -„Hanbok“ moda namoyishi, 14 va 15 oktyabr kunlari taekvando bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Koreya Respublikasi elchisi kubogi tashkillashtiriladi”, — xabar qildi diplomat.

15 oktyabr kuni Sookmyung Gayageum va B-boy ishtirokida koreys fyujn-musiqalari konserti, 17−20- oktyabrda — Toshkentda Koreys kinofestivali, 18−21- oktyabrda — Samarqandda kinofestival va madaniy tadbirlar, 19−22- oktyabrda — Buxoroda kinofestival va madaniy tadbirlar, 21 va 22- oktyabrda -taniqli rassom Li Chun Sob hayoti va ijodiga bag‘ishlangan musiqali postanovka jo‘rligidagi ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi.

“Korea Festival 2016 dan tashqari Koreya Respublikasi Ta’lim markazi yil davomida turli madaniy tadbirlarni o‘tkazadi, — davom etdi elchi. — Notiqlik san’ati, koreys tilidagi she’rlar, koreys an’anaviy o‘yinlari va qo‘shiqlari tanlovlari, Koreya milliy bayramlari bilan bog‘liq marosimlar va boshqalar shular jumlasidan. O‘tgan yildagi kabi dekabrda Koreys animatsiyalari kinofestivalini o‘tkazish rejalashtirilgan”.

Elchining fikricha, faol ikki tomonlama madaniy almashinuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sherikchilik munosabatlar, o‘zaro tushunish, do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish uchun ko‘ngilli elchilar tayinlandi. O‘zbekiston tomonidan aktrisa Na’no Shodiyeva hamda xonanda DJ Piligrim mazkur nomga loyiq ko‘rildi. 17- oktyabr kuni Koreys kinofestivali ochilishida mazkur vazifaga rasman tayinlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Koreys-o‘zbek do‘stligini mustahkamlash maqsadida elchilar Korea Festival 2016 dan boshlab barcha madaniy tadbirlarda ishtirok etadi.