Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan «Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda parlamentning quyi palatasi axborot xizmati xabar qildi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan mazkur qonun loyihasi aholining hojatmand toifalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning umumiy talablari va asosiy yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, ushbu sohada davlat va nodavlat tashkilotlarining rolini oshirish, ijtimoiy himoya sohasi tizimidagi asosiy tushunchalarni belgilashga qaratilgan.

«Sotsial-iqtisodiy islohotlar chuqurlashayotgan va ijtimoiy-siyosiy hayot modernizatsiyalashayotgan sharoitlarda keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning imkon qadar manzilli bo‘lishini qonun hujjatlari bilan mustahkamlash maqsadga muvofiq «, — deydi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Nodir Muxtorov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi aholining hojatmand toifalari manfaatlarini qonun hujjatlari bilan mustahkamlash, ularga ko‘rsatiladigan moddiy va ma’naviy ko‘makning sifatini oshirish, ushbu sohadagi davlat siyosatining yo‘nalishlarini aniq belgilab olishga imkon beradi.

«Qonun loyihasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ularni aniqlash mezonlari, ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar aniq belgilanadi. Bu davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘larning maqsadli yo‘naltirilishini va, zarur bo‘lganda, aholi tegishli guruhlarining joriy ehtiyojlariga qarab mablag‘lar qayta taqsimlanishini ta’minlaydi «, — ta’kidladi deputat.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish monitoringini olib borish va baholash mexanizmlarining belgilab olinishi ijtimoiy himoya tizimining jamoatchilik nazorati uchun ochiq bo‘lishiga imkon beradi, fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga ko‘maklashadi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rolini oshiradi.

Qonun loyihasida nazarda tutilgan idoralararo hamkorlik va ijtimoiy sheriklik mamlakatimizda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchilarning to‘liq ro‘yxatini tuzish uchun asos yaratadi.