29 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Mamlakatimizda yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi, ta’lim-tarbiya tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yoshlarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatishdagi fidoyiligi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilarga turli faxriy unvon va mukofotlar berilishi belgilandi:

“O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”

  • Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 45-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika va informatika fanlari o‘qituvchisi Dilorom Mamasharipova;
  • Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Ra’no Fozilova.

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”

  • Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi 12-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining kimyo fani o‘qituvchisi Abduqayum Bozorov;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi Gulsara Genjemuratova.

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”

  • Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 89-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika va informatika fanlari o‘qituvchisi Abdixamid Alimov; ,
  • Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi 18-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi Komiljon Axadov;
  • Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi Raxima Jurayeva;
  • Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi Guljahon Qulmamatova va yana besh kishi.

“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”

  • Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining boks bo‘yicha murabbiyi Abduvali Shamirzayev.

Yurtimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish, chuqur bilim va kasb-hunarga ega malakali kadrlarni tayyorlash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi katta xizmatlari uchun uch kishi “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, 14 kishi “Mehnat shuhrati” ordeni, 3 kishi II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, 14 kishi “Do‘stlik” ordeni va 50 kishi “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.