Samarqand eshkak eshish kanalida o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo ochiq kubogi va parakanoe bo‘yicha Osiyo chempionati musobaqalari yakunlandi, deya xabar qildi O‘zA.

Uch kun davom etgan musobaqalarda dunyoning 14 davlatidan kelgan 200 dan ortiq sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi.

Dastlab, parakanoe bo‘yicha birinchi Osiyo chempionati o‘tkazilib, unda O‘zbekiston sportchilari 2 oltin, 4 kumush va 2 bronza medalini qo‘lga kiritib, eng yaxshi natijani qayd etdi.

Kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvlarda terma jamoa a’zolari 11 oltin, 10 kumush va 6 bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Musobaqa davomida o‘zbekistonliklar qozog‘istonlik sportchilar asosiy raqib bo‘ldi va yakunda ular 7 oltin, 7 kumush, 4 bronza medaliga ega bo‘ldi. Mazkur bahslarda Qirg‘iziston termasi a’zolari, Tailand va v’etnamlik sportchilar ham munosib ishtirok etdi.

O‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda ham oltin medallar uchun yurtimiz vakillari hamda qozog‘istonlik sportchilar o‘rtasida qizg‘in bahs bordi. Terma jamoamiz a’zolari 10 oltin, 14 tadan kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi.