Toshkent va Seul chorshanba kuni O‘zbekistondagi yangi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro bir-birini tushunish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi, deya xabar qilmoqda Yonhap agentligi Koreya Respublikasi Strategiya va moliya vazirligiga tayangan holda.

Ikki mamlakat moliya vazirlari Rustam Azimov va Yu Il Xoning Seulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekistondagi loyihalarda Janubiy Koreya kompaniyalari ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Memorandumga muvofiq, Koreya Respublikasi hukumati 1987 yili imtiyozmli zayomlar ajratish yo‘li bilan rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan Hamkorlik va iqtisodiy taraqqiyot davlat jamg‘armasi orqali 250 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratadi. Mazkur mablag‘lar Toshkent aeroportining yangi xalqaro terminali qurilishi hamda milliy datamarkaz tashkil etilishi uchun sarflanadi. O‘zbekiston tomonidan loyihaga 100 mln dollar ajratiladi.

O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyodagi yirik savdo sheriklaridan hisoblanadi. O‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 1,3 mlrd dollar, bir yil avval esa 2,1 mlrd dollarni tashkil etgan.