O‘zbekiston Prezidenti v. b., bosh vazir Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatiga tashrif buyurib, mazkur hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi holati bilan yaqindan tanishdi. Safar to‘g‘risidagi reportaj “O‘zbekiston” telekanalining “Axborot” dasturida namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida bo‘lib, 230−280 MVt quvvatga ega ikkita bug‘-gaz uskunasining qurilishi bo‘yicha investitsion loyihaning amalga oshirilishi masalasini muhokama qildi.

Umumiy quvvati 730 MVt dan iborat beshta energiya blokidan tashkil topgan Taxiatosh IES shimoliy mintaqaning energiyaga bo‘lgan talabini qondiruvchi asosiy manba hisoblanadi. Stansiya har yili 3,2 millird kVts elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Buning uchun esa 1,15 million kub metr tabiiy gaz sarflaydi. Loyihani amalga oshirish nafaqat qimmatbaho xom ashyo sarfini sezilarli darajada qisqartirishga, balki talab doimiy ravishda o‘sib borayotgan energiyani yanada ko‘proq ishlab chiqarishga ham xizmat qiladi.

Bunda IES quvvati oshishi bilan bir qatorda, sarflanayotgan gazni 488 million kub metrga qisqartirish ham ko‘zda tutilgan. Belgilangan ishlar yakuniga yetishi bilan IES quvvati 930 MVt ga ortib, energiya ishlab chiqarish hajmi yiliga 3,3 milliard kVts ga yetadi.

Loyiha mamlakatning birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2015 yil 18 iyundagi qarori asosida amalga oshirilmoqda. “Mazkur loyihani amalga oshirmasdan turib Qoraqalpog‘iston va Xorazm sanoatini rivojlantirish imkonsiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Prezidentimiz mazkur hudud kelajagi va yoshlarning ish bilan ta’minlanishi uchun 15−20 yilni mo‘ljallagan holda ushbu karorni qabul qilgan. Bu ishni tezlashtirish biz uchun ham qarz, ham farz”.

Shavkat Mirziyoyev Nukus shahri asosiy rejasining amalga oshirilish jarayoni bilan ham tanishdi. Muhokama chog‘ida asosiy e’tibor zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar, dam olish maskanlari, sun’iy ko‘l va suv havzalarining bunyod etilishiga qaratildi.

Qoraqalpog‘istonga tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev paxta dalalarini ko‘zdan kechirib, qishloq xo‘jaligi ishlari bilan tanishdi va Kegayli tumani fermerlari bilan suhbatlashdi. U fermerlarga mintaqaning murakkab sharoitlarda o‘stirilgan hosil uchun minnatdorlik bildirdi.

“Buning ortida og‘ir mehnat yotibdi va bu mehnat albatta yuqori natijasini beradi”, — dedi u.

Qoraqalpog‘iston faollari bilan uchrashuvda mintaqaning eksport salohiyatini oshirish, paxta va boshqa ekinlar hosilini qisqa muddatlarda yig‘ib olish, ijtimoiy ob’ektlar va turar joy binolarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash, qishloq-xo‘jalik mahsulotlarini qishga g‘amlash masalalari muhokama qilindi.

Arzon uy-joylar qurish, kommunal xizmatlar faoliyatini takomillashtirish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish kabi masalalar ko‘tarildi.

Shu kunning o‘zida Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida ham bo‘ldi. Bu yerda u yaqin yillarda Urganchda qurilishi rejalashtirilayotgan ko‘p qavatli turar joylar loyihalari bilan tanishib chiqdi. Shu bilan bir qatorda, qishloq joylarida kam ta’minlangan oilalar uchun individual uylar qurilishi masalasi muhokama qilindi.

Qo‘shko‘pir tumanida Prezident v. b. qishloq xo‘jaligi ishlarining borishi bilan tanishdi, fermerlar bilan yerlarning hosildorligini oshirish, suv resurslaridan to‘g‘ri foydalanish, yuqori hosildor ekinlar navlaridan foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Xorazm faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mintaqaviy eksport ko‘rsatkichlarining oshirilishi, yangi sanoat ob’ektlarining qurilishi, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.