Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Rashid Alimov TASSga bergan intervyusida SHHT kuzatuvchilar missiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to‘g‘risida so‘zlab berdi.

«O‘zbekiston Respublikasida Prezidentlik saylovi eng avvalo o‘zbek xalqi, qolaversa butun mintaqa va SHHT hududi uchun katta ahamiyat kasb etadi», — ta’kidladi Rashid Alimov.

«O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining yaratilishi tashabbuskorlaridan bo‘ldi va tashkilotning oyoqqa turishi hamda rivojlanishiga ulkan hissasini qo‘shib, bu ishni davom ettirmoqda. Bu O‘zbekiston Respublikasining SHHTga muvaffaqiyatli raislik qilganida yaqqol ifodasini topib, 2016 yil iyundagi SHHTning Toshkent sammitini uning yuqori cho‘qqisi bo‘ldi. SHHTning Toshkent sammiti qarorlari tashkilot uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, sammitning o‘zi xalqaro ahamiyatga molik bo‘lgan yirik hodisaga aylandi», — ta’kidlab o‘tdi u.

SHHT bosh kotibi O‘zbekistonning tashkilot ishidagi faol ishtirokini saqlab qolishiga va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga kelgusida ham ulkan hissasini qo‘shishiga umid bildirdi.

Rashid Alimov so‘zlariga ko‘ra, SHHT Kotibiyati o‘zbek va xorijiy OAV monitoringini yuritishga kirishgan.

«Bo‘lg‘usi saylovning raqobat, musobaqa ruhida o‘tishi, kurash juda qiziqarli kechishiga shubha yo‘q. Aminmanki, saylov natijalari o‘zbek xalqi manfaatlarini o‘zida aks ettirib, O‘zbekiston Respublikasi ravnaqi va gullab-yashnashi uchun jamiyat jipsligining yorqin namunasiga aylanadi», — dedi SHHT rahbari.