O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z xohishiga ko‘ra paxta yig‘im-terimida ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Kasaba uyushmalari federatsiyasi ijtimoiy-mehnat qoidalari to‘g‘risida aholi xabardorligini oshirish bo‘yicha axborot kampaniyasida ma’lum qiladi.

Fuqarolar qulay mehnat sharoitlari (maishiy, gigiyenik va xavfsizlik bo‘yicha)ga ega bo‘lish hamda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz paxta yig‘im-terimida ishtirok etishdan voz kechish huquqiga ham ega, deyiladi targ‘ibot materiallarida.

Paxta yig‘im-terimi va ijtimoiy-mehnat munosabatlariga oid har qanday savol yuzasidan 1092 va (71) 200−06−01 ishonch telefonlariga murojaat qilish mumkin.

O‘zbekiston qonunchiligi majburiy va bolalar mehnatidan foydalanishni taqiqlaydi. Kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalar mehnati bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash olib borayotgan axborot kampaniyasi doirasida barcha hududlarda bolalar va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida banner va posterlar joylashtirilib, flayerlar tarqatilmoqda. Bundan tashqari, vazirliklar, idora va tashkilotlarning mansabdor shaxslarini o‘qitish uchun metodologik materiallar ishlab chiqildi, deya xabar qilmoqda federatsiya matbuot xizmati.