O‘zbekiston Turkmaniston bilan ko‘plab turdagi mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Gap mashinasozlik, elektrotexnik va kimyoviy mahsulotlar, avtomobil mahsulotlari, jumladan, avtobuslar, maxsus va kommunal texnikalar, paxta teruvchi va boshqa qishloq xo‘jalik texnikalari, qurilish materiallari, qayta ishlangan meva-sabzavot hamda boshqa ko‘plab mahsulotlar haqida ketmoqda.

Shartnomalar 26 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-turkman qo‘shma komissiyasining 12-yig‘ilishida imzolandi. Muzokaralarda Turkmaniston delegatsiyasiga savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Dovran Orazmiradov boshchilik qildi.

Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda tashqi savdo yuklarini tranzit tashishda o‘zaro preferensiyalarni taqdim etish yo‘li bilan transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Toshkent vagonsozlik va ta’mir zavodi bazasida turkman temir yo‘llarining harakatdagi tarkibini modernizatsiya qilish va ta’mirlash sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik hamda iqtiqbolli aloqalar qayd etildi.

Turkman aviaparkini ta’mirlash va unga texnik xizmat ko‘rsatish, shu jumladan, Uzbekistan Airways Technics aviakorxonasi bazasida samolyotlarning kompozit komponentlarni ta’mirlashni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Qarz munosabatlari, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik qilish, mintaqada suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda shartnomaviy-huquqiy bazani rivojlantirish borasida hamjihatlikdagi siyosatni yuritish kabi masalalar ham kun tartibidan o‘rin oldi.

Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-turkman qo‘shma komissiyasi 1996 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. So‘nggi yig‘ilish 2015 yilning 18−19 avgust kunlari Ashxobodda bo‘lib o‘tgan edi.

2015 yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 319,7 mln dollarni, joriy yil yanvar-avgust oylarida esa 177,1 mln dollarni tashkil etdi. Ayni paytda O‘zbekistonda turkman tomoni ishtirokidagi yettita korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular faoliyatidagi asosiy sohalar: savdo va xizmat ko‘rsatish, tekstil sohasi, qoplama materiallar va mebellar ishlab chiqarish sanaladi.

Turkmaniston hududida esa O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida sanoat mahsulotlarini turkman bozoriga eksport qilish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatuvchi oltita korxona tashkil etilgan.