Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti huzurida O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi tashkil etiladi. 19 sentyabrda O‘zbekiston Prezidentining shu haqdagi qarori imzolandi.

Hujjatda qayd etilishicha, markazni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad respublikaning yosh olimlari va talabalari jahon amaliyoti va xalqaro andozalarga muvofiq ilmiy tadqiqotlar olib borishning zamonaviy, ilg‘or usul va texnologiyalarini egallashlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, respublika iqtisodiyotining bazaviy tarmoqlari uchun Yaponiya ilmiy va ta’lim muassasalarining olimlari hamda yetakchi-mutaxassislari ishtirokida yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashdan iborat.

O‘zbekiston va Yaponiya hukumatlari 2015 yil 25 oktyabrda innovatsiyalar markazini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumni imzolagan edi. Yaponiya tomonidan Sukuba, Nagoya, Keyo, Toyoxashi texnologiya universiteti va Tokio texnologiya instituti ishtirok etadi.

Markazda yosh mutaxassis va talabalarning sanoat namunalari, qurilmalar, texnologik jarayonlar va yechimlar bo‘yicha ilmiy hamda texnik g‘oyalarini amalga oishirish imkoniyati taqdim etiladi.

Bu yerda milliy va xorijiy tashkilotlar, ilmiy va ta’limiy doiralarning buyurtmalari asosida hamkorlikda eksperimental hamda amaliy ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.

Markaz xodimlari soni 27 nafarni tashkil etib, ularning 4 nafari yapon mutaxassislaridan iborat bo‘ladi.