25 sentyabr kuni Toshkentda Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) ning xalqaro musobaqasi kvalifikatsiyalovchi final bosqichi yakuniga yetdi. O‘zbekistonlik Sabina Sharipova Tashkent Open asosiy bellashuvlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Dunyo reytingida 163-o‘rinni egallab turgan 22 yoshli Sharipova saralash bosqichining so‘nggi raundida ukrainalik 19 yoshli Angelina Kalinina (478)ni 6/3, 6/2 hisobiga mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuv 1 soatu 11 daqiqa davom etdi. Bu vaqtda Sabina uchta eys va beshta breykni amalga oshirdi. Uning raqibasi esa faqatgina ikki setbolni qayd etdi.

Saralash bahslarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik to‘rt tennischi ayoldan Sharipova musobaqalarning asosiy bellashuvlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Uning navbatdagi raqibasi — shveysariyalik Shtefani Fogele (101). Musobaqa startida O‘zbekistondan wild card tizimi (sportchilarning umumiy saralashlaridan o‘tmagan holda alohida taklifnoma) bo‘yicha o‘ringa ega bo‘lgan Kamola Umarova ham ishtirok etadi.

Barcha o‘yinlar natijalari:

Xiroko Kuvata (Yaponiya) — Katarjina Piter (Polsha) — 6/2 7/6(0);

Sabina Sharipova (O‘zbekiston) — Angelina Kalinina (Ukraina) — 6/3 6/2;

Tereza Martinsova (Chexiya) — Sofiya Shapatova (Gruziya) — 6/4 7/5;

Ipek Soylu (Turkiya) — Ankita Raina (Hindiston) — 1/6 6/1 6/2.

WTA reglamentiga ko‘ra, saralash g‘olibalari 18 ball va 2220 dollardan, mag‘lubiyatga uchraganlar — 12 ball va 1285 dollardan qo‘lga kiritadi.