26 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Polsha Respublikasi Hukumati o‘rtasida diplomatik pasport egalarining o‘zaro vizasiz safarlari to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi, deya xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati. Ushbu hujjat 2015 yilning 10 sentyabr kuni Varshava shahrida imzolangan.

Mazkur xalqaro shartnomada O‘zbekiston va Polsha diplomatik pasport egalarining kirish, chiqish, tranzit va har 180 kun davomida 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ikkinchi davlat hududida bo‘lishlari uchun vizasiz rejimga amal qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston yoki Polsha diplomatik pasport egalari, diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik muassalarda ishga tayinlansa, akkreditatsiya muddati davomida viza rasmiylashtirmasdan qabul qiluvchi davlatga kirishi, chiqishi va uning hududida bo‘lishi mumkin.