Habib Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti Fanlar akademiyasi tizimidan O‘zbekiston Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazildi. 13 sentyabr kuni davlat rahbari v. b. Shavkat Mirziyoyev imzolagan Prezident qarorida shu haqda so‘z boradi.

Hujjatda qayd etilishicha, ushbu qaror yer qa’rini geologik o‘rganish sohasida o‘tkazilayotgan tadqiqotlarning ilmiy saviyasi va samaradorligini tubdan oshirish, ularning respublika mineral-xomashyo bazasini kengaytirishga yo‘naltirilgan amaliy ishlanmalar hamda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oishrish bilan o‘zaro mustahkam aloqasini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Yer qobig‘i geologik tuzilishi va tarkibining chuqur fundamental tadqiqotlarini olib borish, respublika hududining teran yer qa’ri tuzilishini kompleks o‘rganish va shu asosda uch o‘lchovli geologik-geofizik modellarni tuzish institut faoliyatining asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Shuningdek, institut geologik tadqiqotlar olib borish dasturlarining nazariy va metodologik asoslarini ishlab chiqish, hududlarning resurs salohiyatini baholash hamda geokimyoviy, geofizik va minerologik tadqiqotlarning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, geologik jarayonlarni kompyuterda modellashtirish, shuningdek, foydali qazilmalarni qayta ishlashda ilg‘or texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘yicha ish olib boradi.

Institut vazifalari qatoridan foydali qazilma konlarini geologik tahlil etish, prognoz qilish va izlash usullarini takomillashtirishga, geologik va geofizik tadqiqotlar sohasida ilg‘or xorijiy texnologiyalarni aprobatsiya qilish va amaliyotda joriy etishga qaratilgan amaliy tadqiqotlar, ishlanmalar va eksperimentlarni tizimli ravishda amalga oshirish ham joy olgan.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga ikki oy muddatda 2017−2019 yillarga mo‘ljallangan istiqbolli tadqiqotlar dasturini tasdiqlash va bunda Yer to‘g‘risidagi jahon ilm-fanining hozirgi zamon darajasiga erishishga alohida e’tibor qaratish vazifasi topshirildi.

Geologiya va geofizika instituti sayti ma’lumotlariga ko‘ra, muassasa mamlakatdagi keksa ilmiy muassasalardan biri hisoblanadi. Unga 1937 yilda asos solingan. Keyinchalik uning bo‘limlari bazasida 1959 yilda Neft va gaz konlari geologiyasi va razvedkasi instituti, 1960 yilda Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, 1966 yilda Seysmologiya instituti tashkil etildi.