O‘zbekiston Hukumat portalida bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning pm.gov.uz manzilidagi virtual qabulxonasi ish boshladi.

«Sizda hal etilmagan masalalar, muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar bormi? U holda murojaatingizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga 3 xil usulda: qo‘ng‘iroq qilish, murojaat yuborish yoki „O‘zLiDeP“ hududiy partiya tashkiloti Kengashiga tashrif buyurish orqali yuborishingiz mumkin», — deyiladi saytda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga ariza, taklif va shikoyatlarni (0 800) 210−0000 yoki «1000» qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilgan holda yuborish mumkin (qo‘ng‘iroq respublika bo‘yicha bepul bo‘lib, undan faqatgina statsionar telefonga qo‘ng‘iroq qilish narxi bo‘yicha haq olinadi).

Murojaat qiluvchilar sayt orqali murojaat maqomini tekshirishlari mumkin.

Saytda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining hududiy kengashlari manzillari va aloqa raqamlari keltirib o‘tilgan.

Fuqarolarning bosh vazirga murojaat yuborishida elektron raqamli imzo bo‘lishi talab qilinmaydi.

«Gazeta.uz"ning Vazirlar Mahkamasidagi axborot manbasi ma’lumotiga ko‘ra, hukumat vazirlik va idoralar, joylardagi davlat boshqaruvi organlari rahbarlariga virtual qabulxonaga kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish majburiyatini yuklagan. Bunda muammoli masalalarni yechish masalasiga alohida urg‘u qaratilgan.