Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabida 24 sentyabrdan 1 oktyabrga qadar xalqaro Tashkent Open ayollar musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Tennis federatsiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, 20 mamlakatdan 40 nafardan ziyod tennischi ayol musobaqada qatnashish to‘g‘risida ariza taqdim etdi. Ularning 17 nafari professionallar bo‘lib, WTA reytingining birinchi kuchli yuztaligidan o‘rin olgan.

Toshkent ochiq chempionati g‘olibaligiga asosiy nomzodlardan biri shvetsiyalik Yuxanna Larsson bo‘lib, u jahon reytingida 45-pog‘onani band etib turibdi. Shuningdek, Kirsten Flipkens (Belgiya, 58-o‘rin), Chagla Byuyukakchay (Turkiya, 64) hamda o‘tgan yilgi final ishtirokchisi Nao Xibino (Yaponiya, 76) imkoniyatlariga ham yuqori baho berilmoqda.

Favoritlarga Shuvey Se (Xitoy Taypeyi, 82), Naomi Broudi (Buyuk Britaniya, 87), Lesya Surenko (Ukraina, 80), Kurumi Nara (Yaponiya, 78), Denisa Allertova (Chexiya, 89) va Anna-Karolina Shmidlova (Slovakiya, 99) qarshilik qiladi.

Musobaqalarda O‘zbekiston termasi nomidan ikki tennischi — Nigina Abduraima (176) va Sabina Sharipa (163) ishtirok etadi.

An’anaga ko‘ra, Tashkent Open vaqtida bolalar uchun taniqli tennis ustalari rahbarligi ostida master-klasslar (29 va 30 sentyabr), jurnalistlarning havaskorlik uchrashuvlari (28 sentyabr), O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik missiyalar, xorijiy vakolatxonalar, chet el kompaniyalari, firmalar va qo‘shma korxonalar vakillari uchun musobaqa (1 oktyabr) bo‘lib o‘tadi.

Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 250 ming dollarni tashkil etib, ularning 226,75 mingi o‘yinchilarga taqdim etiladi, qolgan qism esa tadbir tashkilotchilari xarajatlari uchun sarflanadi.