O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan piyodalar uchun jarimalarni ko‘zda tutgan qo‘shimcha kiritildi. Prezident v. b. 23 sentyabr kuni o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi. O‘zgarishlar 24 sentyabrdan kuchga kiradi.

Yangilangan 138-moddaga muvofiq, endilikda yo‘lning harakatdagi qismida, shu jumladan, piyodalar o‘tish yo‘lida telefondan foydalanish, kitob yoki davriy nashrlarni o‘qish, videomateriallar tomosha qilish yoki audiomateriallarni eshitish va diqqatni jalb qiladigan boshqa elektron vositalardan foydalanish eng kam ish haqining uchdan bir qismi (1 oktyabrdan — 49925 so‘m) miqdorida jarima belgilanishiga sabab bo‘ladi.

Yo‘lovchilarning harakatlanib ketayotgan transport vositasidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) chiqargani uchun ham jarima miqdori belgilandi. Mazkur qoidabuzarlik EKIHning 1 barobari (1 oktyabrdan 149775 so‘m) miqdoridagi jarimaga sabab bo‘ladi.