O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq tarzda jihozlanmagan transport vositalarini boshqarganlik uchun jarimalar ko‘lamini kengaytirishni ko‘zda tutgan qo‘shimcha kiritildi. Prezident v. b. 23 sentyabr kuni o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi. O‘zgarishlar 24 sentyabrdan kuchga kiradi.

Kodeksning yangilangan 125-moddasiga muvofiq, o‘t o‘chirish moslamasi, tibbiyot qutisi, avariya to‘xtash belgisi va yorug‘lik qaytaruvchi nimcha hamda qonunchilikda belgilangan tartibda oynalarni sindirish uchun bolg‘acha bilan ta’minlanmagan transport vositasini boshqargan haydovchilar eng kam ish haqining ½ barobari miqdori (1 oktyabrda oshganidan so‘ng — 74887,5 so‘m)da jarimaga tortiladi.

Bundan tashqari, motoshlemdan foydalanish talabiga rioya qilmaslik EKIHning 1/5 barobari miqdorida (1 oktyabrdan — 29955 so‘m)gi jarimaga tortilishiga oid qoida endilikda nafaqat mototsikl, balki moped haydovchilari uchun ham taalluqli bo‘ladi.