Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevga qutlov maktubini yo‘lladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Si Szinpin o‘z qutlov maktubida Xitoy va O‘zbekistonni doimo yaqin qo‘shni, yaxshi do‘st va har tomonlama ishonchli strategik sheriklar, deb bilishini ma’lum qildi.

«So‘nggi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli o‘zaro hamkorligimizning barcha sohalari jadal rivojlanmoqda va natijada qator ulkan yutuqlarga erishildi», -deyiladi maktubda.

«Ayni paytda xalqaro va mintaqaviy vaziyat murakkab va o‘zgaruvchan bo‘lib, Xitoy va O‘zbekiston oldida umumiy manfaatlarimizni ta’minlash yo‘lida tahdidlar kuchayib bormoqda. Xitoy O‘zbekiston xalqi tanlagan yo‘lni hurmat qiladi, mamlakatingizning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini qat’iy ma’qullaydi. O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy masalalarda yanada mustahkam o‘rin egallashiga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi», — qayd etiladi maktubda.

«Shu yilning iyun oyida Buxoro shahriga tashrifim davomida menga hamrohlik qilganingizni yaxshi eslayman. Xitoy — O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor qarataman va Siz bilan yaqin aloqalarni saqlagan holda, davlat suverenitetini himoya qilish, xavfsizligi va taraqqiyotini ta’minlash, «Bir qutb, bir yo‘l"ni birgalikda barpo etish asosida serqirra amaliy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Xitoy — O‘zbekiston munosabatlarini mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz farovonligi yo‘lida har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro muvofiqlik va hamkorlikni kuchaytirish masalasida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyorman» — ta’kidlab o‘tdi Si Szinpin.