O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi mamlakatda ro‘yxatan o‘tgan barcha to‘rt siyosiy partiyaga 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida ishtirok etishga ijozat berdi. Bu haqda Toshkentda o‘tkazilgan brifingda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Prezident saylovida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ishtirok etadi.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga ro‘yxatga olinganlik guvohnomalarini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini berdi.

Endilikda har bir siyosiy partiya tomonidan saylovda ishtirok etadiganlarning 1 foizi, ya’ni, jami 21,435 million kishining eng kamida 241,35 ming imzosini to‘plash talab etiladi.

Bu imzolar 14 ma’muriy-hududiy tuzilma (Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va poytaxt)ning kamida 8 tasi saylovchilarini qamrab olish demakdir. Ma’muriy-hududiy tuzilmalardan birida siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.

Anjumanda jurnalistlar O‘zbekiston Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tuzilganligi haqida xabardor qilindi. Okrug saylov komissiyalarining 56,6 foizi avvalgi saylovlarda amaliy tajriba to‘plagan, jamiyatning obro‘li vakillaridir. Komissiya a’zolarining 56 nafari, ya’ni 36,8 foizi xotin-qizlardir, ularning 12 nafari esa saylov komissiyalarining rahbariyatidan joy egallagan.

Ayni vaqtda Markaziy saylov komissiyasi 400 nafar xorijiy va mahalliy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazdi.