Yanvar oyidan O‘zbekistonning barcha hududlarida tuman tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari bazasida 194 ta «Yagona darcha» markazi faoliyatini boshlagan edi. Bugungi kunda markazlar ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni hisobga olmaganda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga 16 turdagi xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.

Vazirlar Mahkamasi va BMTTDning hamkorlikdagi «Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash/2-bosqich» loyihasi doirasida Jizzax viloyatinining yetti tumanidagi «Yagona darcha» markazlari tadbirkorlarga uzluksiz xizmat ko‘rsatishni ta’minlash uchun benzinli generatorlar bilan ta’minlandi.

Loyihadan xabar qilinishicha, ular Mirzacho‘l, Arnasoy, Zafarobod, Forish, G‘allaorol, Baxmal va Zomin tumanlari «Yagona darcha» markazlaridir. Markazlar energiyani tejash uchun yorug‘lik diodli lampalar bilan ham ta’minlandi.

«Ba’zi holatlarda qo‘shimcha avtonom energiya manbasiga muhtojlik seziladi, — qayd etdi Mirzacho‘l tuman „Yagona darcha“ markazi rahbari Abdusattor Shabbazov. — Misol uchun, noqulay ob-havo va elektr tarmog‘ida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan damlarda avariya quvvat manbasiga ega bo‘lish juda muhimdir. Markazimizga o‘rnatilgan benzinda ishlaydigan elektrgenerator esa ish xonasida yorug‘lik bo‘lishi, 5 ta kompyuter, printer va skaner uskunalarining mutassil ishlashini ta’minlaydi. Bu esa bizga vaqtincha elektr quvvati o‘chgan holatda ham o‘z xizmatlarimizni uzluksiz amalga oshirish va hujjatlarni rasmiylashtirishda juda katta qulaylik yaratadi».