Tojikiston har doim O‘zbekiston bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish tarafdori bo‘lgan. Bu haqda 19 sentyabr kuni Toshkentda Tojikiston mustaqilligi kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda mamlakat elchisi Sodiq Imomiy ma’lum qildi.

Tojikiston va O‘zbekiston xalqlarining do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik an’analari uzoq yillik tarixga ega, ikki mamlakat o‘rtasidagi mavjud aloqalar imkoniyatlari esa cheksiz, dedi diplomatik vakolatxona rahbari.

«Qardosh O‘zbekiston o‘z tarixining yangi bosqichini boshdan kechirmoqda. Qo‘shnilarimizning bugungi barcha muvaffaqiyatlari bevosita Birinchi Prezident Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomi bilan bog‘lanadi, u kishining bemavrid vafoti nafaqat o‘zbek xalqi uchun og‘ir judolik bo‘ldi, balki uning do‘stlari qalbini ham qayg‘uga ko‘mdi», — dedi Tojikiston elchisi.

Uning qayd etishicha, bugungi Tojikiston iqtisodiyot, ijtimoiy va ma’rifiy sohalarni har tomonlama rivojlantirishga yo‘naltirilgan dastur va strategiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

«Albatta, mazkur muvaffaqiyatlar keng xalqaro hamkorlik, xorijiy sheriklarimiz, birinchi navbatda qo‘shni davlatlar ko‘magisiz mazmun kasb etmaydi», — dedi diplomat.