20 sentyabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Markaziy saylov komissiyasiga 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun hujjatlarni taqdim etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar qildi.

Bir kun muqaddam saylovda ishtirok etish uchun «Milliy tiklanish» O‘zbekiston milliy demokratik partiyasi va Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) ham saylovda ishtirok etish to‘g‘risida ma’lum qilgan edi.

MSK besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati markaziy matbuotda e’lon qilinadi.