Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev yuragidagi muammo sababli Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasida ishtirok eta olmaydi, deya xabar qildi Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati.

Bishkekdan Nyu-Yorkka borish yo‘lida Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi Otaturk nomidagi aeroportga qo‘nib o‘tishni rejalashtirgan edi. Almazbek Atambayev o‘zida holsizlik his etgani sababli shu yerda unga dastlabki tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Shifokorlar ko‘rikdan so‘ng ko‘krak sohasida og‘riq his etayotgan davlat rahbari zudlik bilan chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tish lozim, degan xulosaga keldi. Shifokorlarning dastlabki tashhisiga ko‘ra, Prezidentda yurak bilan bog‘liq muammolar alomatlari aniqlangan.

Shu munosabat bilan Almazbek Atambayev tibbiy ko‘rikdan o‘tib, bir muddat shifokorlar nazorati ostida bo‘ladi.

Prezident BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasida ishtirok etish uchun otlangan Qirg‘iziston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev boshchilik qilishi to‘g‘risida qaror qabul qildi.