Milliy Olimpiya qo‘mitasida 19 sentyabr kuni O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot hizmati. Tadbirni madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev olib bordi.

Murod Aliyev o‘z so‘zida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan 2013−2016 yillar davomida Rio-2016 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish davrida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, eng avvalo murabbiylar Kengashi faoliyat yuritmaganligi, yosh iqtidorli sportchilarni saralash ishlariga yetarli darajada e’tibor berilmaganligi, ayniqsa federatsiya rahbariyati maqsadli vazifalar qo‘ymaganligi sababli qoniqarsiz natijalarga erishilganini ta’kidlab o‘tdi va bu masalalar tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, qilichbozlik mamlakatimizda o‘z tarixi, o‘z an’analariga ega bo‘lgan sport turlaridan hisoblanadi va sportning ushbu turida o‘z vaqtida hamyurtlarimiz bir qator yuqori natijalarga erishishgan. Jumladan birgina Sobir Ro‘ziyevning o‘zi qilichbozlik bo‘yicha jamoaviy bahslarda ikki marta jahon chempionligiga sazovor bo‘lgan, bir martadan kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Shuningdek 1976 va 1980-yillardagi Olimpiya o‘yinlarida yakkalik bahslarida 4-o‘rinni egallagan. Jamoaviy bahslarda esa Moskva olimpiadasining kumush medaliga ega bo‘lgan.

Mustaqillik yillarida uch nafar o‘zbekistonlik sportchi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi. 1996 yili Atlantada Rafkat Ro‘ziyev rapira yo‘nalishida, 2000 yil Sidneyda qizlardan Anisa Petrova va 2012 yili Londonda Ruslan Kudayev shpaga yo‘nalishlarida Olimpiya o‘yinlarida qatnashdi. Ammo 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlariga sportning ushbu turidan birorta ham litsenziya qo‘lga kiritilmadi.

Konferensiya davomida shu paytgacha qilichbozlik federatsiyasini boshqarib kelgan, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi Sobir Ro‘ziyev so‘zga chiqib, bundan keyin federatsiya ishini yangi bosqichga olib chiqish, sportning ushbu turini yanada rivojlantirishni ta’minlash maqsadida federatsiya raisligiga bosh vazir o‘rinbosari Adxam Ikramov nomzodini ilgari surdi. Konferensiya ishtirokchilari ushbu taklifni bir ovozdan qabul qilishdi va Adham Ikramov O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisligiga saylandi.

Konferensiya davomida shuningdek federatsiiyadagi mavjud muammo va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, qilichbozlik sport turini yanada rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, sport turini ommaviyligini oshirish, tuman, viloyat va Respublika musobaqalarini tizimli o‘tkazish kabi takliflar kiritildi. O‘z navbatida, yaqin kelajakka federatsiya oldiga katta maqsadlar qo‘yildi. 2020 yilgi Tokio olimpiadasiga nafaqat litsenziyalarni qo‘lga kiritish, balki sovrinli o‘rinlarni egallash va medallarga sazovor bo‘lish ustivor vazifa sifatida belgilandi.