19 sentyabr kuni «Milliy tiklanish» O‘zbekiston milliy demokratik partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun hujjatlar to‘plamini taqdim qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar qildi.

O‘zbekiston Prezidenti saylovi 4 dekabrda bo‘lib o‘tadi. «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi Qonunning 24-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadirlar. Mazkur Qonunning 24¹-moddasiga binoan, O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi ko‘rsatilgan ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalar kelib tushish navbatiga qarab markaziy matbuotda e’lon qilinadi.