O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ga, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi (MDH Ijroiya qo‘mitasi)ga, Shanhay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga, Islom hamkorligi tashkiloti (IHT)ga va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA)ga 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovining xalqaro kuzatuvida ishtirok etish uchun rasman taklifnomalar yubordi.

Xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi butun saylov jarayonining oshkoraligi va ochiqligi tamoyillari mustahkamlanishiga, umumiylik, tenglik, erkinlik va yashirin ovoz berish kabi demokratik saylovlarning tamoyillariga rioya etilishiga xizmat qiladi, deyiladi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabarida.