O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 17 sentyabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB)ga 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovining xalqaro kuzatuvida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnoma yubordi. Bu haqda «Gazeta.uz"ga MSKdan xabar qilindi.

O‘zbekiston saylov qonunchiligi siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar bilan birga xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlar vakillarining saylovni kuzatishda ishtirok etishi imkonini nazarda tutadi. Ularga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda kuzatuvni amalga oshirish huquqi berilgan.

Eslatib o‘tamiz, YeXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekistondagi parlament va prezidentlik saylovlarida bir necha marta ishtirok etgan. Jumladan, 2014 yildagi parlament va 2015 yildagi prezidentlik saylovlarida kuzatuvchilik qilgan.