O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 24-mart kuni Toshkent shahrida Inha (Janubiy Koreya) universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining axborot xizmati xabar bermoqda.

Yangi oliy ta’lim muassasasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Inha universitetining Toshkentdagi filiali O‘zbekiston oliy ta’lim muassasasi sifatida tashkil etilmoqda. Universitetdagi ta’lim jarayoni Inha universiteti tomonidan, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalar asosida amalga oshiriladi.

Ta'lim O‘zbekiston davlat ta’lim standartlaridaga moslangan ravishda, Inha universitetining o‘quv rejalari va dasturlari asosida ingliz tilida olib boriladi.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan Inha universitetining diplomlari topshiriladi.

Oliygohga qabul va imtihonlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda, Inha universitetida o‘rnatilgan tartib asosida amalga oshiriladi.

Yangi universitetda kompyuter injiniringi, dasturiy injiniring va kompyuter tarmoqlari injiniringi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Ilk talabalar 2014/2015- o‘quv yili uchun 1- oktyabrdan boshlab qabul qilinadi.

1954- yili tashkil etilgan Inha universitetida hozirgi vaqtda turli yo‘nalishlar, jumladan, AKT sohasi bo‘yicha jami 20 mingdan ortiq talaba ta’lim oladi. Joong Ang Ilbo nashrining reytingida universitet muhandislik va axborot texnologiyalari yo‘nalishida Janubiy Koreyaning eng yaxshi beshta oliygohlar ichiga kiradi.